26 Xalqaro “To‘qimachilik va Tikuvchilik Sanoati– TextileExpo Uzbekistan Bahor 2026” Ko‘rgazmasi

13 - 15 may 2026, O’zekspomarkaz MKK / O`zbekiston

Yangiliklar

To`qimachilik korxonalariga xom ashyo garovi bilan 2 million dollargacha kreditlar ajratiladi

12-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev mahalliy to‘qimachilik korxonalarini tashqi bozorlarda qo‘llab-quvvatlash hamda ularning global ta’minot zanjirlaridagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga muvofiq, to‘qimachilik korxonalari moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar asosida uch toifaga — “yashil”, “sariq” va “qizil” guruhlarga ajratiladi. Ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha manzilli yordam dasturi ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.

Banklar Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi resurslari hisobidan kompaniyalarga 2 million AQSh dollarigacha kreditlar ajratishi mumkin bo‘ladi. Kreditlar bo‘yicha garov sifatida korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan yoki sotib olingan xomashyo qabul qilinadi.

Muddati o‘tgan qarzdorliklarga ega bo‘lib, sog‘lomlashtirilishi lozim deb topilgan kompaniyalarga avval olingan kreditlar bo‘yicha to‘lov muddatlari 7 yilgacha uzaytiriladi.

Shuningdek, korxonalar 2026–2027 yillarda paxta xomashyosini xarid qilish uchun olingan kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Xususan, yanvar–fevral oylariga to‘g‘ri keladigan to‘lovlar kreditni qaytarish jadvaliga muvofiq oxirgi 6 oy davomida teng ulushlarda to‘lanishi mumkin.

Bundan tashqari, to‘qimachilik korxonalari o‘zlari o‘rnatgan umumiy quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan, o‘z ehtiyojlaridan ortiqcha elektr energiyasini sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning uchun maxsus savdo tizimini ishga tushirish topshirildi.

Paxta tayyorlash punktlari uchun ularning faoliyatining mavsumiyligini inobatga olgan holda mol-mulk solig‘i va yer solig‘i stavkalari 50 foizga kamaytiriladi. Ushbu imtiyozlar 2028-yil 1-yanvargacha amal qiladi.

Banklar tomonidan investorlariga sotiladigan to‘qimachilik hamda tikuv-trikotaj korxonalariga tegishli mol-mulkni realizatsiya qilish 2029-yil boshigacha qo‘shilgan qiymat solig‘iga tortilmaydi.

Ishlab chiqarish obyektlarini sotib olgan investorlar bitim tuzilganidan keyingi birinchi yil davomida mol-mulk solig‘ini umumiy stavkadan 50 foiz past miqdorda to‘lashlari mumkin bo‘ladi. Biroq mazkur imtiyoz faqat korxona olti oy ichida to‘liq ishga tushirilishi sharti bilan qo‘llaniladi.

Farmon, shuningdek, charm mahsulotlari ishlab chiqarish va charmni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i, shuningdek yer solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha berilgan imtiyozlarni uzaytirishni nazarda tutadi.

Manba