27 Xalqaro “To‘qimachilik va Tikuvchilik Sanoati– TextileExpo Uzbekistan Bahor 2027” Ko‘rgazmasi

27 - 29 aprel 2027, O’zekspomarkaz MKK / O`zbekiston

Yangiliklar (for all)

Xalqaro kompaniya O‘zbekistonga to‘qimachilik mahsulotlari uchun yangi tashqi bozorlarni topishda yordam beradi

O‘zbekiston elchisi Alisher Tuxtaev, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktor o‘rinbosari Ruhullo Zikrillaev hamda «H&M Group» kompaniyasining Pokiston, Bangladesh va Afrika mintaqasi bo‘yicha direktori Ziaur Rahmon o‘rtasida onlayn muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi «Dunyo» AA muxbiri.

Uchrashuv davomida o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini xalqaro brendlarning global ta’minot zanjirlariga kengroq jalb etish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar eksportini oshirish, shuningdek, yangi xorijiy bozorlarga chiqish masalalari muhokama qilindi.

Elchi Alisher Tuxtaev O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy investorlarni jalb etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar, shuningdek ular uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi. Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda yengil sanoat sohasida bir qator islohotlar amalga oshirildi, salmoqli ishlab chiqarish salohiyati shakllantirildi va paxta xomashyosini yetishtirishdan tortib ip-kalava, mato ishlab chiqarish, ularni bo‘yash va pardozlash, shuningdek tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq qiymat zanjiri yaratildi.

Xususan, O‘zbekistonda yetishtirilayotgan barcha paxta xomashyosi mamlakat ichida qayta ishlanayotgani, yengil sanoat mahsulotlari eksporti hajmi 4 milliard dollarga yetgani, mahalliy mahsulotlar esa 75 ta mamlakat bozorlariga yetkazib berilayotgani alohida ta’kidlandi.

«H&M»ning mintaqaviy rahbari Ziaur Rahmonning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya xalqaro bozorlarda to‘qimachilik va tayyor kiyim-kechak xarid qilish, shuningdek global ta’minot zanjirlarini boshqarish bo‘yicha qariyb 30 yillik tajribaga ega.

«Biz O‘zbekistonda paxta xomashyosidan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjiri mavjudligidan xabardormiz, - dedi u. - Bundan tashqari, Yevropa bozoriga chiqishda savdo preferensiyalari, ishlab chiqaruvchilarga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatning Yevropa bozorlariga nisbatan qulay geografik joylashuvi muhim raqobat ustunliklaridir».

Muzokaralar davomida «H&M» kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning amaliy mexanizmlari ham ko‘rib chiqildi.

Xususan, o‘zbek yengil sanoati mahsulotlarini xalqaro brendlar va yirik chakana savdo tarmoqlariga olib chiqish uchun «H&M» taklif etayotgan xaridlar sohasidagi imkoniyatlardan foydalanish masalasi muhokama qilindi.

Bundan tashqari, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni «H&M» va boshqa global brendlar talablariga moslashtirish, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar assortimentini shakllantirish, korxonalarning marketing va sotuv salohiyatini oshirish, xalqaro xaridorlar bilan bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda yangi eksport buyurtmalarini jalb etish kabi yo‘nalishlarda kompaniyaning ko‘p yillik xalqaro tajribasini ekspert ko‘magi sifatida jalb etish taklif qilindi.

«H&M» vakili mazkur takliflarga qiziqish bildirdi va o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropaning yetakchi brendlari hamda boshqa bozorlar orasida ilgari surish, shuningdek mahalliy korxonalar uchun amaliy eksport buyurtmalarini jalb etishda hamkorlikka tayyorligini tasdiqladi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, «H&M» kompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi, uning doirasida kompaniya vakillari to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmog‘i korxonalarining ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan bevosita tanishishlari mumkin bo‘ladi.

Manba