26 Xalqaro “To‘qimachilik va Tikuvchilik Sanoati– TextileExpo Uzbekistan Bahor 2026” Ko‘rgazmasi

13 - 15 may 2026, O’zekspomarkaz MKK / O`zbekiston

Yangiliklar

Jackson-Vanik tuzatishining bekor qilinishi: Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati uchun imkoniyatmi?

1974-yilda AQSh Savdo toʻgʻrisidagi qonuniga Jackson-Vanik tuzatishi kiritilgan boʻlib, u emigratsiyani cheklovchi va boshqa inson huquqlarini buzuvchi davlatlar bilan savdoni cheklagan.

Dastlab SSSRga qarshi yoʻnaltirilgan bu tuzatish bozor iqtisodiyotiga ega boʻlmagan boshqa davlatlarga ham taʼsir koʻrsatdi. U bunday davlatlarga eng qulay savdo rejimini, davlat kreditlari va kredit kafolatlarini taqdim etishni taqiqlagan.

SSSR parchalanib ketgach, 2006-yilda bu tuzatish Ukraina uchun, 2012-yilda esa Rossiya va Moldova uchun bekor qilingan. Ammo u hali ham bir qator davlatlarga, jumladan, Oʻzbekistonga nisbatan rasmiy ravishda amal qilmoqda.

2025-yil yanvar oyida AQSh davlat kotibi lavozimiga nomzod Marko Rubio Jackson-Vanik tuzatishini "oʻtmish qoldigʻi" deb atadi va uni Markaziy Osiyo davlatlariga bosim oʻtkazish vositasi sifatida qoʻllash endi maʼnosiz ekanligini taʼkidladi. U ushbu tuzatishni bekor qilish uchun qonunchilik oʻzgarishlari zarurligini qayd etib, senatorlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Mazkur tuzatish bekor qilinganda Oʻzbekistonning toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qanday oʻzgarishlar boʻlishi mumkin?

Savdo cheklovlari olib tashlansa, toʻqimachilik va tayyor kiyim-kechak eksporti bir necha barobarga oshadi. Ta’kidlash joizki, mamlakatdagi 11 ishlab chiqaruvchi WRAP sertifikatidan muvaffaqiyatli oʻtgan bo‘lib, bu ularga AQSh hamda xalqaro bozorlarga mahsulot eksport qilish imkonini beradi.

Yirik xalqaro brendlar va chakana savdo tarmoqlari Oʻzbekiston bozoriga qaytishi va global ta’minot zanjirlariga integratsiyalashuvi natijasida mahalliy mahsulotlarga talab oshadi.

Eksport hajmining ortishi va investitsiyalar jalb qilinishi natijasida qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi, bu esa aholining iqtisodiy ahvoli va mintaqalar rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Light Central Asia — Markaziy Osiyoning yengil sanoatini faol targʻib qiluvchi Oʻzbekistondagi axborot-tahliliy resurs.

Manba: Light Central Asia News